Iqtisodiy sudda harakatsizlik tadbirkor uchun qanday xavf tug‘diradi?
SUD AMALIYOTI: Tadbirkorning harakatsizligi paradoksi!
Xabaringiz bor, iqtisodiy sudlarda tadbirkorlar o‘rtasidagi kichik qarz undirish ishlari ko‘pincha "soddalashtirilgan tartibda" (taraflarni chaqirmasdan) tezkorlik bilan ko‘riladi. Bugun kanalimizda Namangan tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘rilgan ana shunday amaliy ishlardan birining tahlili bilan bo‘lishamiz.
📌 Ishning qisqacha mohiyati: Da'vogar fermer xo‘jaligiga tovar yetkazib bergan, buni tasdiqlovchi elektron hisobvaraq-faktura mavjud. Lekin fermer 16,4 mln so‘m qarzni o‘z vaqtida to‘lamagan. Sud ishni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib, da'voni to‘liq qanoatlantirgan.
Garchi ish juda oddiy ko‘rinsa-da, bu yerda huquqshunoslar va biznes egalari uchun juda muhim saboq yashiringan:
Javobgarning sukuti — biznesni jarlikka itaruvchi eng yomon strategiya!
Sud amaliyotida eng ko‘p uchraydigan va tadbirkorlar yo‘l qo‘yadigan eng katta xato — sud ajrimini olgach, "baribir qarzman-ku, pulim bo‘lganda to‘larman" degan xulosa bilan jarayonni o‘z holiga tashlab qo‘yishdir. Mazkur ishda ham javobgar fermer xo‘jaligi suddan kelgan ajrimga umuman yozma fikr (otziv) bildirmagan.
Natijada nima bo‘ldi? Qaror kuchga kirgach, MIB tomonidan fermerning bankdagi hisob raqamlariga INKASSO (band) qo‘yiladi. Barcha tushumlar majburiy undiruvga yo‘naltiriladi, biznes to‘liq falaj bo‘ladi.
💡 Aslida qanday qutqaruv rejasini tuzishi kerak edi? Agar nizo to‘g‘ri boshqarilganda, "yutqazilgan pozitsiya"dan ham korxona uchun katta yengilliklar olish mumkin edi:
1-qadam (Qopqondan chiqish): Darhol sudga iltimosnoma kiritib, ishni soddalashtirilgan tartibdan umumiy tartibda ko‘rib chiqishga o‘tkazishni so‘rash va sudni ochiq majlisga ko‘chirib, vaqt yutish.
2-qadam (Muzokaralar stoli): Sud majlisining o‘zida qishloq xo‘jaligining mavsumiy ekanligini tushuntirib, da'vogarga Kelishuv bitimi (Мировое соглашение) yoxud Mediatsiya tartib-taomilini taklif qilish.
3-qadam (Moliyaviy bonuslar): Bu orqali qarzni zudlik bilan emas, balki kuzgi hosil sotilguncha qismlarga bo‘lib-bo‘lib to‘lash (rassrochka) grafigini tasdiqlatish, MIB blokirovkalaridan ishonchli himoyalanish va eng yoqimlisi — qonunchilikka ko‘ra to‘langan davlat bojining 50 foizini qaytarib olishga erishish mumkin edi.
⚖️ Mutaxassis xulosasi: Iqtisodiy sudda qarzning mavjudligi va fakturalar borligi sizning himoyasiz ekanligingizni anglatmaydi. To‘g‘ri qo‘llanilgan protsessual strategiya va qonuniy takliflar biznesni bankrotlikdan, asabni yeyilishidan, hisob raqamlarni esa "muzlab" qolishdan ishonchli saqlab qoladi!
#sud_amaliyoti #iqtisodiy_sud #shartnoma #advokat #kelishuv_bitimi #mediatsiya #biznes_huquqi
👉 https://t.me/dominion_legist
Huquqiy eslatma
Ushbu material umumiy ma’lumot uchun berilgan bo‘lib, individual yuridik maslahat o‘rnini bosmaydi.