Ish beruvchi ish haqini moliyaviy ahvolidan qat’i nazar to‘lashi shart
⚖️ Ish beruvchi moliyaviy ahvolidan qat’i nazar, ish haqini to‘lashi shart
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 244-moddasiga ko‘ra, xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi asosiy kafolatlardan biri — ish beruvchining o‘z moliyaviy ahvolidan qat’i nazar, qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda hamda mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlariga muvofiq xodim tomonidan bajarilgan ish uchun haq to‘lash majburiyatidir.
Mazkur norma ish beruvchining moliyaviy qiyinchiliklari, mablag‘ yetishmasligi yoki boshqa iqtisodiy holatlar xodimga ish haqi to‘lamaslik yoki uni kechiktirish uchun asos bo‘la olmasligini anglatadi.
Shuningdek, ushbu modda xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi boshqa muhim kafolatlarni ham belgilaydi. Jumladan:
• mehnatga haq to‘lash sohasida kamsitishni taqiqlash;
• teng qiymatli mehnat uchun erkaklar va ayollarga teng miqdorda haq to‘lanishini ta’minlash;
• mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilash;
• mehnatga natura shaklida haq to‘lanishini cheklash;
• ish haqini to‘lash tartibi va muddatlarini tartibga solish;
• ish vaqtidan tashqari, dam olish, bayram kunlari hamda tungi vaqtda ishlaganlik uchun kafolatlangan miqdorlarda haq to‘lash;
• xodimning ish haqidan ushlab qolish miqdorini cheklash;
• xodimning ishlab topilgan mablag‘larni erkin tasarruf etish huquqini ta’minlash;
• ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishini kafolatlash.
Ish beruvchining moliyaviy ahvoli yomonligi uni xodimlar maoshini berishdan ozod qilmaydi.
👉 https://t.me/dominion_legist
Huquqiy eslatma
Ushbu material umumiy ma’lumot uchun berilgan bo‘lib, individual yuridik maslahat o‘rnini bosmaydi.